Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-sentyabrdagi 595-son qarori bilan biolaboratoriyalar va ular tomonidan koʻpaytirilgan biologik himoya vositalarini sertifikatlashtirish tartibi tasdiqlandi.
Eslatib oʻtamiz, biologik himoya vositalari – bu qishloq xoʻjaligi oʻsimliklari va oʻsimlik mahsulotlarining zararli organizamlariga qarshi kurashish uchun qoʻllaniladigan foydali organimlar yoki ularning yashash faoliyati mahsulotlari.
“Oʻsimliklarni himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 24-moddasiga koʻra kimyolashtirish vositalarini va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilishga, olib kirishga va olib chiqishga muvofiqlik sertifikati olinganidan hamda ular Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin yoʻl qoʻyiladi.
Tadbirkorlik subyekt unga tegishli boʻlgan har bir laboratoriya oʻz faoliyatini boshlagan kundan eʼtiboran 1 oy muddatda “Biosifat” respublika markaziga sertifikat olish uchun ariza bilan murojaat qiladi (davlat xizmatlari markaziga borib yoki my.gov.uz yohud ebiosifat.uz platformasi orqali).
Arizani koʻrib chiqish tartibi Nizomda batafsil yoritilgan. Shu jumladan, quyidagi qoidalar belgilandi.
Ariza kelib tushganidan keyin 10 ish kuni ichida biolaboratoriya faoliyati uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar va jihozlar bilan texnik jihozlanishi holati biriktirilgan inspektor tomonidan monitoringdan oʻtkaziladi va uning natijasida dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Dalolatnoma asosida sertifikat berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror bayonnoma shaklida qabul qilinadi.
Sertifikat kalendar yil yakuniga qadar beriladi va uni olish uchun “Biosifat” respublika markazi bilan shartnoma tuzib, tegishli toʻlovlarni amalga oshirish zarur (har bir biolaboratoriya monitoringi uchun BHMning 3 baravari va qoʻshimcha har bir biologik himoya vositasi turi uchun uning xizmat koʻrsatish maydoniga koʻra BHMning 1–3 baravari).