Kiberxavfsizlikni taʼminlash darajasini oshirish maqsadida mamlakatimizning qator qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi (2024-yil 20-sentyabrdagi OʻRQ–964-son Qonun).
Birinchidan, banklar, nobank kredit tashkilotlilari, toʻlov tizimlari operatorlari, valyuta birjalari, kredit byurolari faoliyatida axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash borasida Markaziy bankning vakolatlari kengaytirildi.Jumladan, Markaziy bank tegishli talablarni ishlab chiqish va normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, ekspertizalar, monitoring va auditlarni oʻtkazish, koʻrsatmalar berish va xavfsizlik reytinglarni yuritish kabi huquqlarga ega boʻldi.
Ikkinchidan, banklar, nobank kredit tashkilotlari, toʻlov tizimlari operatorlari, valyuta birjalari, kredit byurolari faoliyatida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash litsenzion talabga aylandi va uni buzish uchun javobgarlik kuchaytirildi.
Masalan, bank axborot tizimlarida kibertahdid yoki kiberxavfsizlik hodisasi vujudga kelishiga olib keluvchi qonunchilik talablari buzilganligi qoʻpol qoidabuzarliklar qatoriga kiritildi va bankka nisbatan jarima qoʻllashga, litsenziyani chaqirib olishga, bank rahbariyati tomonidan bir yil ichida olingan mukofotlarni undirishga yoki boshqa jiddiy choralarni qoʻllashga olib keladi.
Uchinchidan, axborot xavfsizligi atamasi ishlatilgan qonunchilik normalarida qoʻshimcha tarzda kiberxavfsizlik atamasi kiritildi (ikkita atama bir vaqtning oʻzida ishlatilmoqda).
Eslatib oʻtamiz:
Axborot borasidagi xavfsizlik — axborot sohasida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarining himoyalanganlik holati (“Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasining yettinchi xatboshisi);
Kiberxavfsizlik — kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarining tashqi va ichki tahdidlardan himoyalanganlik holati (“Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuni 3-moddasining oltinchi xatboshisi).