Xodim harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilgan taqdirda mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida mustahkamlangan mehnat qilish huquqini ta’minlovchi va ro‘yobga chiqaruvchi asosiy omil mehnat shartnomasi hisoblanadi. Mehnat shartnomasini tuzish orqali mehnat qilish huquqi bevosita qonun himoyasiga olinadi. Chunki ushbu shartnomada xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi munosabatlar tartibga solinadi. Mazkur maqolada O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 106-moddasida nazarda tutilgan asoslar shartli ravishda 2 guruhga ajratilgan: Uchinchi shaxslarning talabi (tashabbusi) bilan mehnat shartnomasini bekor qilish (sud yoki harbiy xizmatga chaqiruvchi organlar); Ma’lum bir hodisalarning yuzaga kelishi natijasida mehnat shartnomasini bekor qilish (xodimning vafoti). Shuningdek, ushbu asoslarning haqiqatan ham taraflar ixtiyoriga bog‘liq emasligi va bevosita obyektiv holatlarni o‘z ichiga olib tizimlashtirilgani inobatga olingan holda hozirgi Mehnat kodeksi oldingi mehnatga oid qonun hujjatlaridan ancha mukammal ekanligiga guvoh bo‘lish mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi qabul qilinguniga qadar xodimning harbiy xizmatga chaqirilishi mehnat shartnomasini bekor qilishning umumiy asoslaridan biri bo‘lgan. Hozirda esa ushbu holat Mehnat kodeksining 106-moddasida nazarda tutilgan taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan hollarda mehnat shartnomasini bekor qilish asosi hisoblanadi. Avvalgi mehnat qonunchiligi mehnat shartnomasini bekor qilish asosi sifatida xodimning harbiy xizmatga chaqirilishi yoki kirishini nazarda tutgan bo‘lsa, amaldagi qonunchilik esa faqat xodimni harbiy xizmatga chaqirilishinigina belgilab qo‘ygan. Tadqiqot natijasida muallif xodimning harbiy yoki muqobil xizmatga chaqirilishi emas, uning haqiqatda harbiy xizmatni o‘tashga kirishishi u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga asos bo‘lishi kerak degan xulosaga kelgan.
Other Books From - 12.00.05 - Mehnat huquqi. Ijtimoiy ta’minot huquqi
About the author
Orqaga