Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-sentyabrdagi 579-son qarori bilan taʼlim kreditlarini ajratishga oid normativ-huquqiy hujjatlarga qator oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Ular haqida qisqacha aytib beramiz.
Birinchidan, sirtqi va masofaviy taʼlim shaklida tahsil olayotgan oliy taʼlim tashkilotlarining talabalari va professional taʼlim tashkilotlarining oʻquvchilariga taʼlim krediti berilishi tugatildi. Yaʼni taʼlim krediti faqat davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarining (shu jumladan, qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha) bakalavriat va magistraturasida hamda professional taʼlim tashkilotlarining kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiyotgan talaba va oʻquvchilarga beriladi.
Ikkinchidan, oʻzlashtirishning oʻrtacha koʻrsatkichi (GPA – grade point average) “3” dan past boʻlgan barcha qatlam talabalarga (shu jumladan, xotin-qizlarga ham) taʼlim krediti toʻlov-kontrakt summasining toʻliq miqdorida berilmay, faqat 80 foizgacha boʻlgan qismida beriladi. Bunda, taʼlim krediti toʻlov-kontrakt summasining dastlabki 20 foizi talaba tomonidan toʻlangandan keyin ajratiladi.
Ammo mazkur qoida “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan oilalarning taʼlim olayotgan aʼzolari uchun ushbu qoida amal qilmaydi va ularga taʼlim krediti toʻlov-kontrakt summasi toʻliq miqdorida ajratiladi.
Uchinchidan, taʼlim kreditini ajratish jarayonida onlayn hujjatlar almashinuvi tartibga solinmoqda.
Toʻlov-kontrakt shartnomasi faqat kontrakt.edu.uz (OTMlar uchun) va prof.edu.uz (professional taʼlim tashkilotlari uchun) orqali rasmiylashtiriladi.
Talaba va oʻquvchilar oʻzlashtirishining oʻrtacha koʻrsatkichi (GPA – grade point average) tegishlicha “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) va prof.edu.uz tizimidan tekshiriladi.
Taʼlim kreditini olish uchun arizani esa “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) va “Taʼlim krediti” axborot tizimi (talim-krediti.mf.uz) yoki tijorat banklariga toʻgʻridan toʻgʻri topshirish mumkin.
Oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlar:
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-avgustdagi “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqish uchun taʼlim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 527-son qarori;
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-avgustdagi “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olishi uchun taʼlim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 457-son qarori.