Eksport soliqqa tortiladi, qator boshqa imtiyozlar bekor qilinmoqda

Prezidentning 2024-yil 18-sentabrdagi PF–140-son Farmoni bilan soliq va bojxona imtiyozlariga oid qator normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritildi, ayrimlari oʻz kuchini yoʻqotdi.

Birinchidan, 2025-yil 1-yanvardan boshlab tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti va reeksportiga keladigan realizatsiyaning qismi soliq rejimiga muvofiq foyda solig‘i yoki aylanma solig‘iga tortiladi. Bunda, qoʻshilgan qiymat soligʻiga oid amaldagi normalarni oʻzgartirish nazarda tutilmagan.

Ikkinchidan, yuridik va jismoniy shaxslarning kripto-aktivlar aylanmasi bilan bogʻliq operatsiyalari, shu jumladan, norezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar soliq solinadigan obyekt hisoblanmaydi. Mazkur operatsiyalar yuzasidan olingan daromadlar esa soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi degan imtiyoz endi muddatli boʻlib, ushbu imtiyoz 2029-yilning 1-yanvariga qadar amal qiladi.

Uchinchidan, yangi barpo etilayotgan bogʻlar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlashdan ozod qilish tarzidagi imtiyoz oʻrniga 2025-yil 1-yanvardan boshlab mazkur yer uchastkalari boʻyicha soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.

Toʻrtinchidan, quyidagi tovarlar import qilishda bojxona bojining nol stavkasi bekor qilindi:

  • issiqlik bilan polirovkalangan shisha va yuzasi shlifovkalangan yoki polirovkalangan shisha (TIF TN kodlari: 7005 29 25 00, 7005 29 35 00, 7005 29 80 00);
  • sirka yoki sirka kislotasi qoʻshilmagan holda tayyorlangan, konservalangan yoki muzlatilgan va muzlatilmagan boshqa sabzavotlar (TIF TN kodlari: 2004, 2005).

Beshinchidan, yoʻlovchilarni yagona tariflar boʻyicha tashish xizmatlari koʻrsatish aylanmasi hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari ishtirokchisi hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan tovarlar va xizmatlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlar 2025-yilning 1-yanvaridan boshlab bekor qilinmoqda.

Oltinchidan, budjet va boshqa davlat tashkilotlari faoliyatiga oid soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilindi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar "*" belgisi bilan belgilangan